Ot nom bildiruvchi so‘z turkumi bo‘lib, shaxs, narsa, joy ma’nolarini anglatadi va «kim?», «nima?», «qayer?» so‘roqlariga javob bo‘ladi.

«Kim?» so‘rog‘i shaxsni bildiruvchi so‘zlarga, «nima?» so‘rog‘i narsa, faoliyat-jarayonni bildiruvchi so‘zlarga, «qayer?» so‘rog‘i joy nomini bildiruvchi so‘zlarga beriladi.

Shunga ko‘ra otlar shaxs otlari, narsa otlari, faoliyat-jarayon otlari, o‘rin-joy otlariga bo‘linadi.

Sodda ot

Faqat bir asosdan tarkib topgan otlar sodda ot hisoblanadi. Masalan: uy, yer, tosh, tuz, daraxt.

Ikki va undan ortiq asosdan tarkib topgan otlar qo‘shma ot sanaladi. Masalan: qo‘lqop, oltingugurt, beshiktervatar.

Bir-biriga yaqin yoki qarama-qarshi ma’noli asoslardan tarkib topgan otlarga juft otlar deyiladi. Masalan: o‘g‘il-qiz, idish-tovoq, ota-ona.

Ikkinchi qismi birinchi qismining tovush o‘zgarishi asosidagi takroridan tarkib topgan otlar takroriy otlar sanaladi. Masalan: tuz-puz, tovoq-povoq, uy-puy.

Qo‘shma ot

Quyidagi qo‘shma otlar qo‘shib yoziladi:

Ikki va undan ortiq asosdan tarkib topgan turdosh otlar har doim qo‘shib yoziladi. Masalan: qorbo‘ron, qizilishton, ko‘ksulton, kungaboqar, o‘rinbosar.

Ikkinchi qismi turdosh otdan iborat bo‘lgan atoqli otlar qo‘shib yoziladi. Masalan: Beshariq, Qorqiz, Qashqadaryo.

Ikkinchi qismi atoqli otdan iborat bo‘lgan qo‘shma otlar esa ajratib yoziladi. Masalan: Markaziy Osiyo, Quyi Chirchiq.

Juft va takroriy otlar

Juft va takroriy otlar qismlari chiziqcha bilan ajratib yoziladi.

Es-es, chelak-chelak, qator-qator kabi takror kelgan otlar ravish so‘z turkumiga o‘tadi.

Atoqli ot

Biror shaxs, narsa yoki joyga atab qo‘yilgan nomlar atoqli otlar sanaladi.

Atoqli otlar nimani atab kelishiga ko‘ra shaxs nomlari, joy nomlari va narsa nomlariga bo‘linadi.

Kishilarning ismi, otasining ismi, familiyasi, taxallusini bildiruvchi otlar shaxs nomlari sanaladi.

Familiyalar shaxs ismidan so‘ng otasining ismini qoldirish (Usmon Nosir), otasining ismiga -ov(a), -yev(a) qo‘shimchasini qo‘shish (Erkin Vohidov) bilan ifodalanadi.

Joy nomlari

Ma’lum bir geografik hududga atab qo‘yilgan nomlar joy nomlari hisoblanadi.

Mamlakat, o‘lka, nomlari qo‘shma so‘z shaklida bo‘lganda, tarkibidagi har bir so‘z bosh harf bilan yoziladi.

Tarkibida bo‘yi, orti, oldi so‘zlari ishtirok etgan joy nomlari qo‘shib yoziladi.

Tashkilot, korxona, muassasa nomlari

Xalqaro tashkilot, oliy davlat tashkilotlari va mansablarining nomlari tarkibidagi har bir so‘z bosh harf bilan yoziladi. Vazirliklar, idoralar, tashkilotlar va korxonalar nomi tarkibidagi birinchi so‘z bosh harf bilan yoziladi. Turli korxonalar, mahsulotlar, inshootlar, transport vositalari kabilarga berilgan shartli nomlar qo‘shtirnoq ichida bosh harf bilan (birikmali holatlarda faqat birinchi so‘z) yoziladi: «Turkiston» (saroy), «Sharq gullari» (firma).

Tarixiy sana va bayram nomlari

Tarixiy sana va bayramlarning nomlari tarkibidagi birinchi so‘z bosh harf bilan yoziladi.

Suv havzalari va inshootlarni nomlari

Suv havzalari va inshootlari nomlari tarkibidagi birinchi so‘z bosh harf bilan yoziladi.

Turdosh otlar

Bir turdagi shaxs, narsa, o‘rin-joy, faoliyat-jarayon nomlarini bildiruvchi otlar turdosh otlar sanaladi.

Shaxs otlari

Shaxs otlari «kim?» so‘roq‘iga javob bo‘lib, shaxslarni yoshiga, yashash joyiga, mansab-unvoniga, kasb-koriga, ijtimoiy holatiga, qarindoshlik darajasiga, nasl-nasabiga ko‘ra nomlab keladi.

Shaxs oti yasovchi qo‘shimchalari

Shaxs otlarining bir guruhi asosga -chi, -soz, -kor, -xon, -dosh, -boz (-voz), -vchi, -lik qo‘shimchalarini qo‘shish yordamida yasaladi.

-vchi qo‘shimchasi i unlisi bilan tugagan fe’llarga qo‘shilganda, i unlisi u shaklida, a bilan tugagan fe’llarga qo‘shilganda, a unlisi o shaklida talaffuz qilinadi va shunday yoziladi. Undosh bilan tugagan fe’llarga -uvchi shaklida qo‘shiladi: quruvchi, suzuvchi.

-lik qo‘shimchasi o‘rin-joy bildiruvchi turdosh va atoqli otlarga qo‘shilib, shaxsning shu hududga mansubligini bildiradi.

Atoqli otlarga qo‘shilgan -lik qo‘shimchasi atoqli otni turdosh otga aylantiradi va kichik harf bilan yoziladi: samarqandlik, shaharlik.

Narsa otlari

«Nima?» so‘rog‘iga javob bo‘lib, jonli va jonsiz narsalarni bildirgan otlarga narsa otlari deyiladi.

Narsa otlarini yasovchi qo‘shimchalar va ularning imlosi

Narsa otlari -gich (-qich, -kich, -g‘ich), -gi (-qi, -ki, -g‘i), -k, -q, -oq, -(i)ndi, -ma, -don va boshqa qo‘shimchalar yordamida yasaladi.

-q qo‘shimchasi a unlisi bilan tugagan fe’llarga qo‘shilganda, a unlisi o shaklida talaffuz qilinadi va shunday yoziladi: bo‘ya+q = bo‘yoq kabi.

O‘rin-joy otlari

«Qayer?» so‘rog‘iga javob bo‘lib, o‘rin-joy ma’nosini bildiruvchi otlar o‘rin-joy otlari sanaladi.

Bunday otlar o‘rin-joy ma’nosi bilan birga narsalik ma’nosini ham bildiradi, shuning uchun «qayer?» so‘rog‘i bilan birga «nima?» so‘rog‘ini olishi ham mumkin. -zor, -loq, -iston, -goh qo‘shimchalari o‘rin-joy otlarini yasaydi.

Faoliyat-jarayon otlari

Shaxs va narsalarning faoliyat jarayonini nomlovchi otlarga faoliyat-jarayon otlari deyiladi.

Faoliyat-jarayon otlari -lik, -chilik, -garchilik, -(i)m, -(i)k (-q) qo‘shimchalari yordamida yasaladi: ezmalik, g‘allachilik, serobgarchilik, terim, unum va hokazo.

Aniq va mavhum otlar

Sezgi a’zolarimiz orqali bilishimiz mumkin bo‘lgan narsalarni bildirgan otlarga aniq otlar deyiladi: kitob, mashina, uy, eshik, dutor va hokazo.

Sezgi a’zolarimiz orqali bilishimiz mumkin bo‘lmagan, tafakkur va tasavvur orqali idrok qilinadigan narsalarni bildirgan otlarga mavhum otlar deyiladi: xayol, aql, o‘y, go‘zallik va hokazo.

Aniq otlar birlik va ko‘plik shaklida qo‘llana oladi, ammo mavhum otlar ko‘plik shaklida qo‘llanganda, asosan, ko‘plik ma’nosi emas, balki ta’kidlash, kuchaytirish ma’nolari ifodalanadi.

Mavhum ot yasovchi qo‘shimchalar va ularning imlosi

Mavhum otlar -lik, -ch, -inch qo‘shimchalari yordamida yasaladi. Masalan: Ovunch, tinchlik, xurramlik, ahillik, ahmoqlik, yupanch, yaxshilik, qorqinch, yomonlik, o‘kinch.

Otlarning lug‘aviy shakllari. Son shakllari

Otlarning -lar qo‘shimchasini olgan shakli ko‘plik shakli, -lar qo‘shimchasisiz shakli esa birlik shakli sanaladi.

Otlarning ko‘plik shakli ko‘plik ma’nosidan tashqari hurmat, umumlashtirish, kuchaytirish (ko‘zim — ko‘zlarim, labi — lablari) ma’nolarini ham ifodalashi mumkin.

Otlarning kichraytirish va erkalash shakllari

Otlarning -cha, -choq, -chak kabi qo‘shimchalarni olgan shakli kichraytirish shakli; -gina (-kina, -qina) -jon, -xon, -oy kabi qo‘shimchalarni olgan shakli esa erkalash shakli hisoblanadi.